Grin kard dasturi: Ariza topshirish bo’yicha 10ta maslahat
AQShda doimiy yashash huquqini qo’lga kiritishning eng oson yo’llaridan biri bu “Turli millatlarga mansub immigrantlar vizasi – DV” dasturi (bundan buyon Grin kard dasturi). Mazkur dastur orqali AQShga har yili keladigan 50 ming kishidan taxminan 2500-5000 immigrant o’zbekistonlik. Ayni paytda Grin kard dasturida ishtirok etish davri boshlandi va 7-noyabrgacha davom etadi.
Mazkur dasturda qatnashish uchun ikki asosiy talabga javob berishingiz kerak. Birinchisi, o’rta maktab darajasidagi yoki unga tenglashtirilgan ta’lim muassasasini bitirgan bo’lish (jami 12 yillik boshlang’ich va o’rta ta’lim). Agar bu talabga javob bermasangiz, unda so’nggi besh yil ichida eng kamida ikki yillik tayyorlov yoki tajriba talab qiluvchi faoliyatda ikki yillik ish tajribaga ega bo’lishingiz kerak. Ikkinchisi bu O’zbekistonda tug’ilgan bo’lishingiz kerak.
Quyida esa Grin kard dasturiga ariza topshirishda e’tibor berish kerak bo’lgan 10 jihatni sanab o’taman. Mazkur maslahatlar advokatlik faoliyatim davomida eng ko’p uchrayotgan xatolarga tayanib tayyorlandi:
1. “Pullik xizmatlaridan” foydalanmang
Iloji boricha pullik “xizmatlaridan” foydalanmang. Grin kard dasturida qatnashish uchun topshiriladigan arizani to’ldirish qiyin ish emas. Bir oz qunt qilib, tegishli manbalarni o’qib chiqsangiz, arizani bemalol o’zingiz topshirishingiz mumkin.
2. Faqat bitta internet sahifasi bor
Grin kard dasturida qatnashish uchun quyidagi internet sahifasidan ro’yhatdan o’tishingiz kerak. Mazkur sahifaning manzili quyidagicha – www.america.uz yoki dvlottery.state.gov. Boshqa internet sahifalarida sizga nima va’da qilinayotganidan qat’iy nazar, ularga ishonmang, ulardan foydalanmang.
3. Grin kard dasturida ishtirok etish bepul
Grin kard dasturida ishtirok etish uchun ariza topshirish bepul. Arizani to’ldirishda yordam bergani uchun “viza xizmatlari” firmasi sizdan qo’l haqi so’rashi mumkin, ammo bevosita Grin kard dasturida ishtirok etishingiz bepulligini unutmang.
4. Marsda yashayotgan bo’lsangiz ham, O’zbekistonda tug’ilgan bo’lsangiz bo’ldi
Grin kard dasturida ishtirok etish uchun hozir qayerda istiqomat qilayotganingizning hech qanday ahamiyati yo’q. Eng asosiysi O’zbekistonda tug’ilgan bo’lishingiz kerak.
Ha aytganday, ariza topshirish uchun yosh chegarasi ham yo’qligini unutmang. Eng asosiysi, ariza topshirish vaqtida o’rta ta’lim yoki ish malakasiga ega bo’lish talabi bor. Bu degani 18 yoshdan kichik bo’lgan aksariyat shaxslar ariza topshira olmaydi.
5. Ma’lumotlarni xatosiz kiriting
Grin kard dasturida ishtirok etish uchun to’ldiriladigan arizaga ma’lumotlar, hususan i) ismingiz va ii) tug’ilngan sanangiz pasportda qanday ko’rsatilgan bo’lsa shunday bo’lishi kerak. Bitta harf/sonda xato bo’lsa ham, sizning yutug’ingiz bekor qilinishi mumkin.
6. Arizada barcha oila a’zolaringizni ko’rsating
Grin kard dasturida ishtirok etish uchun to’ldiriladigan arizada barcha oila a’zolari birma-bir ko’rsatilishi kerak. Turmush o’rtog’ingiz bilan birga yashamayotgan bo’lib, ajralish arafasida turgan bo’lsangiz ham, agar sudning ajratish to’g’risidagi qarori hali chiqmagan bo’lsa, uni albatta arizaga kiritishingiz kerak. Arizaga 21 yoshga to’lmagan va turmush qurmagan barcha farzandlaringiz ham kiritilishi kerak.
7. Siz va turmush o’rtog’ingiz arizani alohida topshiring
Er va xotin Grin karta arizasini alohida to’ldirishlari kerak. Shunda oilada Grin kard yutish ehtimoli ikki barobar ortadi. Aytaylik, arizalar topshirilganidan keyin xotinga yutuq chiqsa, er yaqin qarindosh sifatida AQShga kelish huquqiga ega bo’ladi (va aksincha).
8. Anketani faqat bir marta topshiring
Avval bir kishi ismini har hil yozib bittadan ko’p ariza topshirgan holatlar ko’p uchragan. Masalan, “Ishoq Holmatov” ismini i) “Ishaq Holmetov,” ii) “Ishak Holmatov” va/yoki iii) “Ishok Halmatov” deb kiritadi va shu ismlardan biriga yutuq chiqsa, hujjatlarni shunga to’g’rilab, elchixonaga kirishni reja qiladi. Bir necha yil avval bunday yo’l tutish natija bergan bo’lishi mumkin. Bugungi kunda esa bir kishi bir necha ism bilan ariza topshirganini aniqlash qiyin emas.
9. Fotosurat talablarga javob berishi kerak
Arizaga ilova qilinayotgan fotosurat unga qo’yilgan talablarga to’liq javob berishi kerak. Fotosuratga qo’yiladigan talablar bilan batafsil bu yerda tanishib chiqishingiz mumkin (8-bet). Aytganday, fotosuratga oddiy fotostudiyada rasmga tushsangiz bo’ladi. Elchixona tomonidan “tasdiqlangan” yoki uning “qoshida” xizmat ko’rsatuvchi fotostudiya bo’lishi shart emas.
10. Arizani 2018 yil 7-noyabrgacha topshirib, tasdiqlov raqamini saqlab qo’ying
Arizani eng kech 7-noyabr, soat 22:00 gacha topshirishingiz kerak. Ariza topshirishni oxirgi kunga qoldirmasdan, iloji boricha vaqtliroq yuborishga harakat qiling.
Grin kard dasturida ishtirok etish uchun arizani topshirganingizdan keyin, sizga tasdiqlov raqami yuboriladi. Uni albatta saqlab qo’ying, chunki aynan shu raqam yordamida yutuq chiqqanini tekshirasiz.